Mahalliy aholi tomonidan kelib tushgan xabarga binoan, jamoat tartibini buzib tungi vaqtda mast holda o‘zaro janjallashib yurgan ikki fuqaro qo‘lga olindi
Joriy yilning 10 sentyabr kuni tungi soat 01:45 larda Urganch shahar Qo‘riqlash bo‘linmasiga ushbu hududda joylashgan “Bobur” kafesidan tashvish xabari kelib tushgan.
Olingan xabarga ko‘ra voqea joyiga yetib borgan Tezkor harakatlanuvchi guruh kafe oldida 2 ta fuqaro mast holda janjallashayotganliklarini guvohi bo‘lishgan. Janjallashayotganlarni ajratib holatni yumshatishga uringan xodimlarga ham ulardan biri kuch ishlatib faol qarshilik ko‘rsatishga o‘tgan, shundan so‘ng xodim o‘rnatilgan tartibda fuqaroning qorin qismiga elektroshoker moslamasini bir marotaba qo‘llagan holda tinchlantirib olib ketishgan.
O‘rganishlar davomida ushbu shaxslar, Urganch shahrida yashovchi 30 yoshli fuqaro J.D. va Xonqa tumanida yashovchi 29 yoshar fuqaro B.Yo. lar ekani va o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashganliklari maʼlum bo‘lgan.
Ular Urganch shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan holda o‘rnatilgan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, hech qanday tan jarohati yo‘qligi lekin, spirtli ichimlik isteʼmol qilganliklari aniqlanganligidan so‘ng 2 -sonli IIB da belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan va holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.