QAHRAMONLAR YODI MANGU BARHAYOT
Sirdaryo viloyati Sardoba qishlog‘ida texnogen talofatni bartaraf etish vaqtida Milliy Gvardiya harbiy xizmatchisi Suyunov Xazrat Karamatovich fidoiylarcha halok bo‘ldi. Uning ko‘rsatgan mardligi va jasurligi yuraklarda mangu qoldi.
Joriy yilning 5 may kuni Xazrat Suyunovning o‘zi taʼlim olgan Nurota tumani Chashma qishlog‘idagi 10-sonli umumtaʼlim maktabida qahramon yigit sharafiga xotira kechasi o‘tkazildi.
Tadbirni Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i podpolkovnik B.Usmonov ochib berdi. Shundan so‘ng, so‘zga chiqqanlar marhum harbiy xizmatchining xizmat burchiga sodiqligi, ona vatanimiz va xalqimizga sadoqati yuraklarda abadiy qolishini, uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘zi taʼlim olgan maktabda xotira burchagi tashkil qilingani hamda kelajakda maktabda byusti o‘rnatilib, xotirasi, qahramonligi, vatanparvarligini aks ettiruvchi ishlarni tashkil qilish haqida aytib o‘tishdi.
Maktab hovlisida harbiy xizmatchilarning jangovar ko‘rgazmali chiqishlari va o‘quvchi yoshlarning o‘qigan sheʼrlari ko‘ngillarni jumbushga keltirdi. Shuningdek, marhum ruhiga hurmat bajo keltirish maqsadida bir daqiqa sukut saqlanib, oliy fazilatlari yodga olindi.
Tadbir so‘ngida maktabda xotira burchagini tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan tuman hokimligi, xalq taʼlimi bo‘limi va maktab maʼmuriyatiga tashakkurnomalar taqdim etilib, shunday farzandni voyaga yetkazib, taʼlim-tarbiya bergan qahramon yigitning padari buzrukvori Karomat Shirinovga Milliy Gvardiya rahbariyati o‘z minnatdorchiligini bildirdi.