Milliy gvardiya hududiy boshqarmalarida Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda
Mamlakatimizda 21 mart-Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan bayram sayllari o‘tkazilmoqda. Tadbirni bayramona kayfiyatda va xavfsiz o‘tkazish maqsadida Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari harbiy xizmatchi va xodimlari jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida bor kuch va g‘ayratlarini ko‘rsatmoqdalar.
Shuningdek, shtablar tashkil etilib, barcha hududlar kuzatish kameralari va aloqa vositalari orqali nazoratga olinmoqda.
Shu bilan bir qatorda, harbiy qismlarda ham harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida bayram tadbiri tashkillashtirildi.
Tadbirning ikkinchi qismida ayyom munosabati bilan qozonlarga sumalaklar solinib, go‘zal qizlar va munis onajonlar tomonidan bahoriy taomlar tayyorlandi. Barchaga xushkayfiyat ulashish maqsadida milliy qo‘shiq va o‘yinlar, sahna ko‘rinishlari hamda sport bellashuvlari tashkil etildi.
Yakunda soha ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shib, safdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlar faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.