Milliy gvardiya tizimidagi kichik komandirlar ishtirokida "Serjantlar forumi" bo‘lib o‘tdi
Milliy gvardiya tizimida yuqori jangovar shaylik va qatʼiy harbiy intizomga ega bo‘lgan serjantlarning harbiy mahoratini, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida har yili "Serjantlar forumi" o‘tkazilishi anʼanaga aylangan.
Joriy yilning 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi Forum Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligida va qo‘mondon o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov hamda Yoshlar ishlar agentligi boshqarma boshlig‘i Sh.Olimovlar ishtirokida videoselektor tarzida tashkillashtirildi. Unda Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy bo‘linmalarining ofitserlar va serjantlar tarkibi ZOOM platformasi orqali ishtirok etishdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni Buxoro viloyatidan ishtirok etib, o‘zining kirish so‘zida Davlatimiz rahbarining so‘ngi yillarda harbiy xizmatchilarga, xususan serjantlarga bo‘lgan yuqori darajadagi eʼtibori yodga olinib, tizimda xizmat qilayotgan serjant va oddiy askarlarni oliy maʼlumotli ofitser kadr sifatida yetishtirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilayotganligi eʼtirof etildi.
Shuningdek, Milliy gvardiya tizimida serjantlar tarkibini tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi va har qanday murakkab vaziyatlarda jismoniy hamda ruhiy sinovlarga bardosh bera oladigan, nostandart holatlarda mustaqil qaror qabul qilib, yuklatilgan vazifalarni aʼlo darajada bajarishga qodir bo‘lgan kichik komandirlarni shakllantirish uchun barcha sharoitlar mavjudligi aytib o‘tildi.
Shu bilan bir qatorda, ayrim Kengashlar o‘zining faoliyatini lozim darajada tashkil eta olmaganligi bois, uchrayotgan ayrim salbiy holatlar tanqidiy tahlil qilindi va kelgusida barcha kichik komandirlar o‘zlariga tegishli xulosa chiqazib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi taʼkidlandi.
Forum davomida so‘zga chiqqan Yoshlar ishlar agentligi boshqarma boshlig‘i Sh.Olimov, ushbu serjantlar forumida Milliy gvardiya qo‘mondonining shaxsan o‘zi ishtirok etganligi va xizmat faoliyatidagi serjant(kichik komandir)lik davridan misollar keltirib forum ishtirokchilariga katta motivatsiya berganini yuqori baholadi.
Noodatiy tarzda boshlangan tadbir Kichik komandirlarning maʼruzalari va ochiq muloqot tarzida qizg‘in davom etdi.
Maʼruzachilar zamonaviy texnikalardan foydalangan holda, xizmat faoliyati davomida duch kelish mumkin bo‘lgan holatlar va ularda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalari, sport sohalarida jahon hamda xalqaro arenalarida erishayotgan yutuqlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida fikr yuritdilar.
Harbiy xizmatdagi faoliyatlarini har tomonlama rag‘batlantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan tajribalarini oshirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan tadbir yakunida bir qator kichik komandirlar Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir so‘ngida Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.