Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” boshqarmasi yangi maʼmuriy binolarining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 5 may kuni Urganch shahrida joylashgan Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” boshqarmasi yangi maʼmuriy binolarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev, Xorazm viloyati hokimi J.Raximov, viloyat sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlar mutasaddi rahbarlari, faxriylar, harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolari, Milliy gvardiyaga biriktirilgan umumiy o‘rta taʼlim maktablarining vatanparvarlik sinfi o‘quvchilari, shuningdek, Oilaviy bolalar uylari farzandlari ishtirok etishdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘z nutqida zamonaviy ko‘rinish kasb etgan va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan mazkur binolar situatsion markaz, tezkor navbatchilik qismi, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan xizmat xonalari va yotoqxonalar, shuningdek, sport majmualari harbiy xizmatchi va xodimlarni kasbga bo‘lgan sadoqatini yana-da yuksaltirishga, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari va madaniy hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Viloyat hokimi so‘zga chiqib, bugungi kunda Milliy gvardiya o‘z o‘rniga ega ekanligi va viloyatda o‘tkazilayotgan barcha tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarimiz va xorijiy mehmonlarimiz xavfsizligini ishonchli taʼminlab kelayotganliklarini faxr bilan tilga oldi. Shu munosabat bilan tizim xodimlariga xalqimiz ishonchi kundan-kunga ortib borayotganligi va yurtboshimiz tomonidan ham bir qator masʼuliyatli vazifalar yuklanayotganligiga alohida urg‘u berdi. Ushbu vazifalarni aʼlo darajada bajarib kelayotgan Milliy gvardiya xodimlariga katta ishonch bildirib, kelgusi ishlariga ulkan zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i o‘qib eshittirilib, unga ko‘ra jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida faollik ko‘rsatib, mustaqil Vatanimiz qudrati va salohiyatini yuksaltirishda o‘zining fidokorona xizmatlari bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan harbiy xizmatchi va xodimlarga, samarali hamkorlik qilib kelayotgan tashkilotlar vakillariga Milliy gvardiyaning I – II darajali "Namunali xizmatlari uchun", "Maʼnaviyat aʼlochisi" ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuni alohida taʼkidlash joizki tadbirga taklif qilingan Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi Bolalar uyi bosh shifokori Dzugayeva Lyudmila Ruslanovna, Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan, tashabbuskorligi va hamkorlikdagi samarali mehnatlari uchun "Fidoyi xodim" ko‘krak nishoni va esdalik qo‘l soati bilan rag‘batlantirildi. Anʼanaga ko‘ra ramziy lentalar kesilgan holda yangi binolar eshiklari ochilib, tashrif buyurgan mehmonlarga Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar tanishtirildi.