Iqtidorli yoshlar oʻrtasida damli va zarbli cholgʻular ijrochiligi boʻyicha “Sanʼat gʻunchalari” XXIV Respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 24-mart kunidan Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida iqtidor egalarini aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan muhim madaniy tadbir start olgan edi. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari o‘rtasida o‘tkazilayotgan yosh ijrochilar respublika tanlovining maqsadi albatta, bolalarga musiqiy taʼlim va tarbiya berish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, shuningdek, yosh iqtidorli sozandalarni aniqlash hamda cholg‘u ijrochiligining eng yaxshi anʼanalari davomchilarni tarbiyalashdan iboratdir.
Maʼlumot uchun: mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishga doir qo‘shicha chora-tadbir to‘g‘risida”gi PQ–112-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–129-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining qo‘shma qaroriga asosan o‘tkazilib kelinmoqda.
“Sanʼat-g‘unchalari” tanlovida 14000 dan ziyod ishtirokchilar qatnashib, 1600 nafari turli nominatsiyalarda laureat bo‘lishdi.Musiqiy tanlovda ijodkorlar 3 yo‘nalishda : yog‘och-damli, mis-damli va zarbli asboblar, kichik va katta guruh nominatsiyalari bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.Yosh ishtirokchilarning ijodiy mahorati har bir yo‘nalish bo‘yicha hakamlar hayʼati tomonidan odilona baholanib borildi.Tantanali yopilish va taqdirlash marosimi joriy yilning 27-mart kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining musiqiy zalida o‘tkazilib, unda g‘olib va sovrindorlar bilan bir qatorda ustozlar va jo‘rnavozlar ham munosib rag‘batlantirildi.