Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi mutaxassislari uchun ot sportining polo turi bo‘yicha o‘quv-yig‘ini o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ot sportining polo turi bo‘yicha Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining mutaxassislari ishtirokida o‘quv-yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda.
O‘quv-yig‘ini seminarining ochilish marosimida Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S. Mamayusupov va Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i polkovnik M. Rustambayevlar ishtirok etdi. Rahbarlar mazkur o‘quv- yig‘ini seminarining ahamiyati haqida so‘z yuritib, joylarda chavandozlar maktablariga yoshlarni keng miqyosda qamrab olish va ot sportining polo turini ommalashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishdi.
Shundan so‘ng, mutaxassislar o‘z maʼruzalari bilan o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirdi. Mazkur o‘quv -yig‘ini nafaqat nazariy tarzda balki universitet bazasidagi ot sporti manejining ochiq maydonida amaliy tarzda olib borildi. Yig‘in davomida Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti N. Rasulovaning "Chavgon milliy ot sporti tarixi", O‘zbekiston Polo federatsiyasi vakili S. Djalolovning "Ot sportining polo yo‘nalishidagi xalqaro qoidalar va metodika" va "Ot sportining polo yo‘nalishidagi xalqaro qoidalar va metodika – arenada" mavzularidagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-yig‘ini yakunlari bo‘yicha Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining mutaxassislariga seminarda faol ishtirok etganligi uchun tashakkurnomalar topshirildi.