Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazida “Harbiy taʼlim tizimida ilm-fan va pedagogik texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida respublika harbiy ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyani oʻtkazishdan maqsad — harbiy taʼlim yoʻnalishida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish va pedagogik yondashuvlarni takomillashtirish, mavzuga oid muammolarni aniqlash, yetakchi xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va tahlil qilish orqali kelajak texnologiyalarini yaratish, uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, shuningdek, sohaga oid fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari natijalarini muhokama qilish, ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbirda 40 dan ortiq turli vazirlik va idoralar hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyada kelgusida qoʻshinlarni zamon talablariga javob beradigan qurol-aslaha, harbiy texnika va maxsus vositalar bilan taʼminlash bilan bir qatorda, yetakchi xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrgangan holda jangovar harakatlarda qoʻshinlarni tayyorlashning yangi texnologiyalarini joriy qilishning ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatlariga oid muammolar, bu boradagi ilmiy ishlanmalar hamda favqulodda holatlarda qoʻllanish imkoniyatlari muhokama etildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida soha yoʻnalishida amaliy koʻnikmaga ega mutaxassislar tinglandi, tajribalar almashildi va amaliy takliflar bildirildi.
Konferensiyaning amaliy qismida ixtirochilar tomonidan yaratilgan milliy innovatsion gʻoyalar, xususan, boʻlinmalar tomonidan amaliy bajariladigan sinov mashqlarining sinovi oʻtkazilib, kelgusida amaliyotga joriy etish maqsadida tegishli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, harbiy ilm-fan orqali mudofaa sanoati korxonalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etilib, kelgusida bunday ishlanmalar va innovatsion gʻoyalarni keng targʻib qilish yuzasidan amaliy tajribalar almashildi.
Konferensiya yakunida sohaga oid zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, milliy kadrlarni tayyorlash va kelgusida ushbu yoʻnalishda strategik hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab olindi.