Milliy gvardiya tizimidagi oʻquv muassasalarida Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya va uchrashuvlar oʻtkazildi
Xalqimiz, ayniqsa yoshlar buyuk ajdodlar tarixini qanchalar ko‘p o‘rgansa, ularning hayoti va faoliyatidan ibrat va saboq olib yashasa, qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi. El – yurtga bo‘lgan muhabbati yanada ortadi. Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda, Sohibqiron Amir Temur harbiy va ma’naviy merosini o‘rganish alohida o‘rin tutadi. “Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya buyuk sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi, ma’naviyat va ma’rifat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689-yilligiga bag‘ishlandi. Mazkur anjuman Respublikamizning bir qator ilmiy tadqiqot muassasalari, Oliy harbiy ta’lim muassasalari ofitserlari va kursantlari, Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etildi.
Konferensiyaning ma’ruzachilari:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, akademik, Yusupova Dilorom Yunusovna “Amir Temurning ruhiy olamini aks ettiruvchi axloqiy qarashlari” mavzusida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston xalq artisti Nosirov Elyor Rasulovich “Sohibqiron” nomli monologni o‘qidi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasi professori, tarix fanlari doktori, professor, polkovnik Tojiboev Muzaffar Turdiboevich “Amir Temur davlatida qonunchilik, jinoyat va jazo masalalari” mavzusida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i tarix fanlari doktori, professor Davlatova Saodat Tilovberdievna “Amir Temur davlat boshqaruvida xavfsizlikni ta’minlashda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik masalalari” mavzusida ma’ruza qildi.
Universitet 2 bataloni kursantlari “Men kim Jahongir Temur” sahna asarini tomoshabinlarga taqdim etdi.
Jamoat xavfsizligi unversiteti Maxsus fakultet boshlig‘i, tarix fanlari doktori, dotsent, mayor Xaknazarov Xudoyberdi Dilmurodovich, va universitet talabasi Toshniyozov Abduhalim Faxriddinovich “Amir Temur shaxsiy sifatlarining harbiy intizomni ta’minlashdagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzalarda Amir Temur o‘zining yuksak axloqiy fazilatlari, jismoniy yetukligi, o‘ziga va safdoshlariga nisbatan talabchanligi, qo‘shiniga nisbatan g‘amxo‘rligi haqida ma’lumot berildi.
Ma’ruzalar asosida quyidagi takliflar ilgari surildi.
1. Amir Temur harbiy merosi va harbiy vatanparvarlik fazilatlari doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borish.
2. Amir Temurning harbiy sarkardalari jangavor faoliyati yuzasidan turkum risolalar yaratish.
Konferensiya natijalaridan mamlakatimiz Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy faoliyatida istiqbolda foydalanib yangi ilmiy izlanishlarni olib borish, o‘quv-uslubiy faoliyatni takomillashtirishda foydalaniladi.
Konferensiya so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan ishtirok etgan hamkorlarga chuqur minnatdorchilik izhor etilib, konferensiyaning amaliy ishtirokchilari bo‘lgan mutaxassislarga tashakkurnomalar taqdim qilindi.