Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi sektor rahbarlari tomonidan viloyatlarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda
Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi sektor rahbarlari tomonidan kengashning Sirdaryo, Jizzax, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi vakillari hamrohligida ayol xodimlar va harbiy xizmatchilar hamda harbiylarning oila aʼzolari bilan xizmat va kundalik hayotda yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif doirasida turli mavzularda uchrashuvlar tashkil etilib, har bir ishtirokchi bilan yakka tarzda suhbatlar o‘tkazildi hamda depressiya va stress holatlarining oldini olish bo‘yicha psixologik treninglar tashkil etildi.
Shu bilan birga, tizimda xizmat qilayotgan ayol xodimlar va harbiy xizmatchilarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida, Zakovat intellektual o‘yinlari ham o‘tkazildi.
Tashrif davomida mazkur viloyatlarda tashkil etilgan Oilaviy bolalar uylariga ham tashrif uyushtirilib, yaratilgan shart-sharoitlar, ona-ona va farzand munosabatlari hamda oilaviy muhit o‘rganildi. Shuningdek, oromgohlarda dam olayotgan bolajonlar holidan xabar olinib, ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Bundan tashqari, Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazida tashkil etilgan “Xon atlas” festivaliga ham borilib, urf-odat va anʼanalar, estetik qarashlar va milliy xususiyatlarni mujassam etgan milliy liboslar namoyishida ishtirok etildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi harbiy gospitalda Respublika harbiy prokuraturasi bilan hamkorlikda ayol xodimlar va harbiy xizmatchilar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Bunday tadbirlarni ko‘zda tutgan tashriflar respublika miqyosida davom ettiriladi.