Milliy gvardiya Toshkent Temurbeklar maktabida “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichiga start berildi.
Mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan 15 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashishmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi masʼullari ishtirok etib, yoshlarga bellashuvlarda muvaffaqiyat tiladi. Ochilish marosimi harbiy orkestr va musiqiy chiqishlar hamda qo‘l jangi usullari namoyishi bilan ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Shundan so‘ng musobaqa shartlariga start berildi.
Rejaga asosan "Yosh gvardiyachi" harbiy sport musobaqasi 3 kun davom etishi belgilangan. Shu bilan bir qatorda, bellashuv kunlari mobaynida turli madaniy tadbirlar ham tashkillashtiriladi.
Ayni daqiqalarda esa, o‘quvchi yoshlar qizg‘in bellashuvlarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishmoqda.