Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazida “Uchuvchisiz tizimlar – kelajak texnologiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi
“Oʻzbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazida “Uchuvchisiz tizimlar – kelajak texnologiyalari” mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Unda 30 dan ortiq vazirlik va idoralar, oliy harbiy va fuqarolik taʼlim muassasalaridan soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnikalarni joriy etish, jangovar harakatlarga tayyorgarlik koʻrishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, yetakchi xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish orqali yangi texnologiyalarni qoʻllash masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyaning nazariy qismida uchuvchisiz tizimlarning huquqiy, ilmiy va amaliy asoslari, ularni harbiy sohada qoʻllash usullari, shuningdek, sohaga doir mavjud muammolar va ularning yechimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar koʻrib chiqildi.
Tadbirning amaliy qismida esa uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va ixtirochilarning ishlanmalari boʻyicha maxsus koʻrgazma tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan soha yoʻnalishidagi dolzarb ilmiy-tadqiqot ishlari taqdim etildi, ular yuzasidan fikr almashildi va amaliyotga tatbiq etish uchun aniq takliflar ishlab chiqildi.
Yakunda barcha ishtirokchilar tomonidan bildirgan fikr-mulohazalar asosida soha rivoji uchun tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.