MILLIY GVARDIYANING BIR GURUH HARBIY XIZMATCHILARI BUYUK BRITANIYANING SANDXERST QIROLLIK HARBIY AKADEMIYASI TOMONIDAN O‘TKAZILGAN “TERRORIZMGA QARSHI KURASHISH” MAVZUSIDAGI ONLAYN KURSDA ISHTIROK ETDILAR
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Shu jumladan, joriy yilning 9-12 mart kunlari Milliy gvardiyaning bir guruh harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Sandxerst Qirollik Harbiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Terrorizmga qarshi kurashish” mavzusidagi onlayn kursda ishtirok etdilar.
Ingliz tilida tashkil etilgan mazkur kursda ishtirokchilar terrorizmga qarshi kurashishning zamonaviy usullari, shuningdek, muammoli vaziyatlarda muzokara o‘tkazishning huquqiy jihatlari masalalarida xorij tajribasi bilan tanishdilar.
Ushbu onlayn kursda Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasining mutaxassislari terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashning turli xil ko‘rinishlari, ularni oldini olish va bartaraf etish kabi harakatlari to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hamda ilg‘or xorijiy tajribaga oid misollar asosida taqdimot qildilar.
Jonli muloqot tarzida o‘tgan kurs yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.