MILLIY GVARDIYA MUTAXASSISLARI XALQARO ONLAYN KURSDA ISHTIROK ETDILAR
Milliy gvardiyaning Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan harbiy xizmatchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida malakasini yana-da oshirish maqsadida doimiy ravishda tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 15-17 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bir guruh harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniya mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan “Inqirozni boshqarish” mavzusidagi xalqaro onlayn kursda ishtirok etdilar.
Mazkur onlayn o‘quv kurs tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni boshqarishni rejalashtirish borasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirollik Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish kolleji (Emergency Planning College) mutaxassislari tomonidan ingliz tilida olib borildi.
Jonli muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan kursda ishtirokchilar tabiiy
va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni boshqarishni rejalashtirish, xavf-xatarni to‘g‘ri baholash, potensial xavfning yuzaga kelishida aholini xabardor qilish yuzasidan Buyuk Britaniyaning tajribasi bilan atroflicha tanishdilar.
Shuningdek, tadbir davomida tomonlar favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish va inqirozga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savolga javob olishdi.
Tadbir yakunida xavfsizlikni taʼminlash masalalarida Buyuk Britaniyaning tajribasini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil etishni davom ettirishga kelishib olindi.