Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining faoliyati, yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, sport va “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari taqdiridagi ishtirok to‘g‘risida
Bugun, “Toshkent Yoshlar forumi – 2021” tadbirlarining ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi, shuningdek Toshkent shahar IIBB rahbariyati yosh yigit va qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.
Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Sarvar Mamayusupov yoshlarga nutq bilan murojaat qildi. Gvardiya faoliyatining maqsad va vazifalarini belgilab beruvchi huquqiy asoslar to‘g‘risida qisqacha maʼlumot berilgach, bugungi kun yoshlarini qiziqtiradigan masalalar muhokamasiga o‘tildi.
Ko‘pchilik gvardiya faoliyati to‘g‘risida maʼlumotga ega ekanligi maʼlum bo‘ldi. Ayniqsa, yetim va ota-onasining qaramog‘isiz qolgan bolalarni tubdan yangilangan tarbiyalash tizimini joriy qilish ishlariga bag‘ishlangan mavzu eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Yoshlar oilaviy bolalar uyini tashkil qilish ishlari, “Mehribonlik” uyi va boshqa yopiq o‘quv-tarbiya muassasalarining tarbiyalanuvchilarining yangi oilalarga moslashuvlari, bolalar uylari tarbiyalanuvchilari qanchalik sifatli uylar bilan taʼminlanayotganlari to‘g‘risida qiziqdilar.
Gvardiya rahbariyati vakillari – Tarbiyaviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Nuriddin Mirzayev va Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Zafarjon Buronovlar xizmatga kirish, ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari, Milliy gvardiyaning turli sport turlarining rivojiga qo‘shayotgan hissasiga doir berilgan ko‘plab savollarga javob berdilar. Yoshlar mashhur sportchilar – Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari to‘g‘risida, ularning sport va xizmatni birga olib borishlari haqida qiziqdilar.
Uchrashuv yakunida yosh yigit va qizlar Milliy gvardiya vakillariga savol-javoblar hamda ochiqlik uchun minnatdorchilik bildirib, ochiq muloqot tarzidagi bu kabi uchrashuvlar davom etishidan umidvor ekanliklarini aytishdi.