MILLIY GVАRDIYА TIZIMIDА ILK BOR “OʼZBEK MILLIY MАQOM SАN'АTI” KOʼRIK-TАNLOVI BOʼLIB OʼTMOQDА
Joriy yilda Milliy gvardiya tizimida “O‘zbek milliy maqom san’ati” ko‘rik-tanlovi tashkil etilib, 29-30 aprel kunlari Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan Musiqali maqom teatrida respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan ushbu ko‘rik-tanlovda respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan 50 ga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda.
Tanlov ishtirokchilari maqom san’atining musiqiy merosi bo‘lgan o‘zbek maqomi navolari - Shashmaqom, Buxoro, Xorazm maqomlari va Farg‘ona - Toshkent maqom ijrochilik yo‘llari turkumlari, vohaviy va shaxsiy maqom ijrochilik an’analari, musiqiy meros va ular bilan bog‘liq matn, she’r, musiqa va ijro yo‘lidan xabardor bo‘lishi va asarlarni yoddan ijro qilishlari bo‘yicha bellashadilar.
Mazkur tadbir mobaynida, hakamlar tomonidan harbiy xizmatchi va xodimlarning chiqishlari, ularning ijro etayotgan dasturlarining g‘oyaviy yuksak badiiyligi, ijro mahoratlari, ovoz va sozlarning uyg‘unligi, liboslari hamda sahna madaniyati e’tiborga olinib, xolis baholandi.
Tadbirning yakuniy qismi bo‘lmish taqdirlash marosimi joriy yilning 30 aprel kuni Farg‘ona shahridagi San’at saroyida tantanali ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.