MUAMMOLAR JOYIDA HAL ETILMOQDA
Ochiq muloqot, murojaatlarni joyida o‘rganish muammolarni ijobiy hal etishning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Shu munosabat bilan Namangan viloyatida Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov viloyat hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mutasaddi rahbarlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida harbiy xizmatchi va xodimlarning oila a’zolari bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Suhbat davomida har bir murojaat o‘rganilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishish va o‘quvchi yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida Milliy gvardiyaga biriktirilgan mahallalar va maktablarga tashrif uyushtirildi. Xususan, Davlatobod tumanidagi 58-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan yuzma-yuz o‘tkazilgan muloqot chog‘ida yoshlarning qiziqishlari va ularga berilayotgan ta’lim sifatiga katta e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, Milliy gvardiya tizimida xizmat olib borayotgan va olib borgan har bir harbiy xizmatchi va uning oila a’zolari ijtimoiy himoyalangan. Navbatdagi manzilga tashrif ham yuqoridagi fikrimiz isbotidir. Yoshlar bilan uchrashuvdan so‘ng qo‘mondon o‘rinbosari xizmat burchini bajarish chog‘ida jasorat ko‘rsatgan Namangan viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi xodimi marhum A. Abdulvoxidov xonadoni vakillari, oila a’zolari holidan xabar olib, fidoiy xodimning jasoratini yodga oldi. Oila a’zolarining turmush tarzi o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalari nazoratga olindi.
Albatta, bu kabi ochiq muloqotlar nafaqat muammolarning yechilishiga, balki yangi g‘oya va takliflarni hayotga tatbiq etib, ko‘plab ijobiy chora-tadbirlarning amalda bajarilishiga sabab bo‘ladi.