Milliy gvardiya tizimida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun yetib kelgan yosh askarlarning ruhiy holati, xulq-atvori hamda ijtimoiy psixologik darajalarini o‘rganish hamda mustahkamlash bo‘yicha psixologik treninglar o‘tkazilishi davom etmoqda.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida askarlarning emotsional holati hamda dunyoqarashini o‘rganish,ulardagi psixologik barqarorlikni aniqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlardan chiqish yo‘llari bo‘yicha suhbatlar tashkillashtirildi.
Shuningdek, kelajakdagi maqsadlar va unga erishish yo‘lidagi psixologik qatʼiylik sirlari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur suhbatlarning asosiy maqsadi muddatli harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatga psixologik tayyorgarligini shakllantirish va moslashuviga taʼsir qiluvchi stress omillarni aniqlash, harbiy xizmatning dastlabki bosqichining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularni psixologik tayyorlash bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda, mutaxassis psixologlar tomonidan yigitlarning jamoa bilan o‘zaro munosabatlari qay darajada ekanligini o‘rganish maqsadida bir qancha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Jamoaviy treninglar davomida askarlar stress, qo‘rquv, diqqat ko‘lamini buzilishi kabi psixik jarayonlar yuzasidan amaliy hamda nazariy bilimlarga ega bo‘lishdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, treninglar so‘ngida muddatli harbiy xizmatchilar yana bir bor jamoa jipsligi yengilmas kuch garovi ekanligiga ishonch hosil qilishdi.