O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiatsiyasi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi
Jismoniy tarbiya va sport sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalarni amalga oshirish hamda yoshlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam tashkil etish orqali ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida joriy yilning 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev va O‘zbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiatsiyasi prezidenti L.Xasanov uchrashib, hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiyatsiyasi o‘rtasida o‘zaro faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qaror imzolandi.
Mazkur qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab sport to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tashkil etiladigan sport musobaqa va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish, amaliy yordam ko‘rsatish hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi saflariga harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan yosh sportchilarni xizmatga qabul qilish masalalari yuzasidan mutasaddi rahbarlarga vazifalar yuklatildi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqich muqaddimasi bo‘ldi.