Namangan viloyatida “Dengiz tulpori” nomidagi Chavandozlar maktabi o‘z faoliyatini boshladi va uning tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan “Uloq Ko‘pkari”, “Ot ustida poyga” va “Besh kurash” sport turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan joriy yilning 31 oktyabr kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida “Dengiz tulpori” nomidagi Chavandozlar maktabi o‘z faoliyatini boshladi. va uning tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlanib, “Uloq Ko‘pkari”, “Ot ustida poyga” va “Besh kurash” sport turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Namangan viloyati xokimligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar boshqarmalari mutasaddi rahbarlari boshqa hamkor vazirlik hamda tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Eʼtiborlisi shundaki, viloyat va qo‘shni respublikalarda mohir chavandoz sifatida nom qozongan To‘raqo‘rg‘onlik polvon Alimardon Bozorov ot sportini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi, shijoati va tashabbuskorligi bilan "Dengiz tulpori" chavandozlik maktabi qoshida, ot sporti maydonini tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Qariyb 6,5 gektar yer maydonidan iborat bo‘lgan ushbu sport maydoni 2000 otliqni o‘z ichiga olish quvvatiga ega. Kelgusida turizm salohiyatini oshirish uchun mazkur muassasa qoshida mehmonxona, dam olish sihatgohi, davolanish klinikasini ham barpo etish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Ushbu maydonning ochilish marosimi tumanda katta sport bayramiga aylanib ketdi. Uloq-ko‘pkari musobaqasida qatnashish uchun Qirg‘iziston, Qozog‘iston respublikalari, Farg‘onaning Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari, Chust, Namangan, Uychi, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan jami 520 nafardan ziyod chavandozlar tashrif buyurishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov so‘zga chiqib, o‘zida milliy xalq o‘yinlarini mujassam etgan ot sporti mamlakatimizda tobora rivoj topayotgani, mazkur inshoot davlatimiz rahbari Qarorlari ijrosi yuzasidan viloyatimizda ilk bor tashkil gaplashayotganligi muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, viloyat hokimligi nomidan ushbu tadbirda ishtirok etayotgan, sportchilar Jahon chempionlari Rustamjon Umarov va Azamat Lutfullayevlarga toy sovg‘a qildi.
Sport bayrami “Ko‘k bo‘ri”, “Ot ustida kurash” o‘yinlari bilan boshlanib, Uloq ko‘pkariga navbat berildi. Unda viloyat hokimining maxsus sovrinlari, homiy va tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari g‘oliblarga topshirildi.
Musobaqa keng ko‘lamda o‘tkazilib, bunda barcha tuman ot sporti seksiyalari, maktab o‘quvchilari, havaskor va uyushmagan yoshlar hamda faxriy chavandozlar ishtirok etdilar.