NAVOIY VILOYATIDA “YOSH GVARDIYACHI” HARBIY-SPORT MUSOBAQASI O‘TKAZILDI
Milliy gvardiya tizimiga biriktirilgan umumta'lim maktablarining harbiy vatanparvarlikka ixtisoslashtirilgan sinf o‘quvchilarining bilim saviyasini mustahkamlash hamda harbiy sportga qiziqishini yanada oshirish maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Milliy Gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va viloyat Xalq ta'limi boshqarmalari hamkorligida “Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichini o‘tkazilishi ham bu borada olib borilayotgan sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur musobaqada viloyat hududidagi 4 ta umumta'lim maktabidan jami 32 nafar ishtirokchi 10 ta shart bo‘yicha o‘z jamoasi sha'nini himoya qilish maqsadida g‘oliblik uchun bellashdilar. Yoshlar epchillik, zukkolik va jismoniy tayyorgarlik borasida nimalarga qodir ekanliklarini isbotlab berishdi. Ular tomonidan namoyish qilingan ko‘rgazmali chiqishlar tomoshabinlar hamda hakamlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Musobaqa yakunida hamkor tashkilotlar tomonidan faol ishtirok etgan jamoalar hamda musobaqa g‘oliblari diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.