NAVOIYLIK YoSHLAR OT SPORTIGA JALB ETILMOQDA
Davlatimiz rahbarining "Yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarori yurtimizda aholi o‘rtasida ot sportini rivojlantirish, uni yana-da targ‘ib etishga muhim omil bo‘ldi.
Endilikda respublikamizning barcha viloyatlarida zamonaviy beshkurash va polo sport turini kengaytirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiylari tomonidan ham aholi, ayniqsa yoshlarni tulporlarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi.
Jumladan, yoshlarga otlarni parvarishlash, mashqlar orqali tarbiyalash, buyruqlarni bajarishga o‘rgatish, ularni xususiyatlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdilar. Mazkur jonivor bilan bog‘liq milliy qadriyatlarimiz: chavandozlik va ko‘pkari yuzasidan aytilgan maʼlumotlar o‘g‘il-qizlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ajdodlarimizning qorabayir oti bilan bog‘liq tarixiy kechinmalari haqida so‘zlab berishdi.
Shuningdek, ot minishning tartiblari, foydali jihatlari, uni boqishning sir-asrorlari va sport musobaqalariga tayyorlash jarayonlari to‘g‘risida ham qiziqarli maʼlumotlar berildi. O‘z navbatida, bugungi kunda ham harbiy tuzilmalarda, tog‘li hududlardagi chegarachilar, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga xizmat otlari ishonchli hamroh bo‘layotganini alohida taʼkidlashdi.
Ushbu mashg‘ulotlarga Navoiy shahridagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari hamda 1-sonli BO‘SM sportchilari va taʼtildagi o‘quvchi yoshlar keng jalb etildi.