O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining Navro‘z bayrami munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli safdoshlar - ofitserlar, serjant va askarlar, ishchi-xizmatchilar va qadrli faxriylar!
Barchangizni go‘zallik va yangilanish, mehr-oqibat timsoli bo‘lgan “Navro‘z” umumxalq bayrami bilan samimiy tabriklayman!
Navro‘z bayrami diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan do‘stlik va nafosat bayramiga aylangan. Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz zarur.
Muhtaram Prezidentimizning Qaroriga muvofiq, mamlakatimizda bu yilgi “Navro‘z” bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlanmoqda.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari mamlakatimizda bayramni yuqori saviyada nishonlash uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib umumxalq hasharlari, xayriya, yordamga muhtoj fuqarolarga ko‘maklashish, yoshlarni milliy merosimizni asrash, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Shu o‘rinda, mamlakatimizda umumxalq sayillari, tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan maskanlar hamda jamoat joylarida fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash borasida hushyor va sergaklik bilan xizmat olib borishmoqda.
Ishonchim komil, Milliy gvardiya barcha shaxsiy tarkibi jamoat tartibini saqlash, aholimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlashdek sharafli vazifalarni aʼlo darajada bajarishga bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, fidoyilik ko‘rsatadi.
Hurmatli hamkasblar!
Sizlarni va Sizlar orqali yaqinlaringizni yana bir bor bahor bayrami Navro‘z ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman, barchangizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt, xonadoningizga farovonlik tilayman.
Yurtimiz tinch, oliyjanob va bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin.
Navro‘z ayyomi barchangizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Milliy gvardiya qo‘mondoni
general-mayor Rustam Djurayev