NOMINGIZ QALBLARDA MANGU YASHAYDI
Davlatimiz tomonidan keksa avlod vakillariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning 24 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchilari ulug‘ vatan urushi qatnashchisi 1926 yilda Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan, hozirda Nukus shahrining “Shoirlar ovuli” mahallasida istiqomat qiluvchi Allanazar ota O‘tepbergenovning holidan xabar oldi.
Harbiy xizmatchilar va otaxon o‘rtasidagi qizg‘in suhbat davomida zahmatli urush yillari eslandi, shunday dorilomon kunlarga yetganiga shukurlar aytildi.
Shuningdek, mehmonlar otaxonga harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil gapirib, zamonaviy qurol-aslaha ko‘rgazmasini tashkillashtirishdi.
Tashrif so‘ngida urush qahramoni keksa avlod vakillariga qaratilayotgan bunday eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun harbiy xizmatchilariga minnatdorchiligini bildirib, yurtimiz hamisha tinch bo‘lsin deya duo qildi.