Oʻzbekiston Kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi va unda Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov federatsiya raisi etib saylandi
Bugun Milliy gvardiya Markaziy devonida Oʻzbekiston Kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari O.Umarov, Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov, MOQ Bosh kotibi O.Kasimov mutasaddi tashkilotlar vakillari, ovoz berish huquqiga ega delegatlar, shuningdek, hududiy boshqarmalardan videokonferensaloqa orqali murabbiylar va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida soʻz olgan sport vaziri A.Ikramov, Davlatimiz rahbarining barcha sport turlari qatori ushbu sport turiga boʻlgan eʼtibori yuqori ekanligini qayd etgan holda, mazkur sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida targʻib qilish va keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilma va qulay shart-sharoitlar yaratish kabi muhim masalalar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shuningdek, kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va sportchilarimizning xalqaro maydonlarda munosib ishtirokini taʼminlash dolzarb vazifalardan biri ekanligini taʼkidlab, bu yoʻnalishda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda takomillashtirib borishni taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng kun tartibiga muvofiq, Kamondan otish federatsiyasi raisi lavozimiga Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Tashmatov nomzodi ilgari surildi va delegatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Yangi saylangan federatsiya raisi bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, Davlatimiz rahbarining 2021-yil 17-iyundagi “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shu orqali mazkur sport turini keng ommalashtirish va rivojlantirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishini taʼkidladi.
Shuningdek, B.Tashmatov kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida toʻxtalib, unda 2028-yilda Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya oʻyinlariga litsenziyalarni qoʻlga kiritish hamda sportchilarimizning yuqori natijalarga erishishlari uchun tayyorgarlik koʻrilishini xususan, xalqaro maydonda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlash uchun ilgʻor tajribalarni oʻrganish va tatbiq etish borasidagi ishlarni jadallashtirishga toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari O.Umarov soʻzga chiqib, bir ovozdan federatsiya raisi etib saylangan Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatovning xizmat faoliyatiga toʻxtalib, iliq fikrlar bildirdi va mazkur sohaniyam yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, kamondan otish sporti milliy qadriyatlarimizga xos etnik sport turlaridan ekanligi va bu muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, kuch tuzilmalarida ichida intizomi yuqori boʻlgan Milliy gvardiya bu sohani nafaqat rivojlantirish, balki milliy merosni tiklash va yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishdek masʼuliyatli va sharafli vazifalarni yuqori saviyada bajarish imkoniyatiga ega ekanini qayd etdi.
Shuningdek, yangi saylangan federatsiya raisi va butun jamoaga yuqori marralarni qoʻlga kiritishda ulkan zafarlar tilagan holda bu borada Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi va yuqorida taʼkidlab oʻtilgan dolzarb masalalar hamda ularning yechimi yuzasidan koʻmakdosh boʻlishini bildirib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, Milliy gvardiya qoʻmondoni 2026-yil fevral oyida Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi rahbari etib tayinlangan edi.