NAVBATDAGI NOMZODLAR XIZMATGA QABUL QILINDI
Bugungi kunda Milliy gvardiya saflarida malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni saralash, xizmatga qabul qilish jarayonlarini odil va shaffof tarzda amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha Milliy gvardiya Xorazm viloyati Qo‘riqlash boshqarmasida harbiylashtirilgan nazorat sifatida mehnat faoliyatini olib borayotgan bir guruh yoshlar Qo‘riqlash boshqarmasining shahodatlangan saf bo‘linmalariga xizmatga qabul qilish bo‘yicha navbatdagi sinov jarayonlari tashkil etildi.
Mazkur sinovda nomzodlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari ham jalb etildi. Dastlab, Qo‘riqlash boshqarmasida Milliy gvardiya markaziy apparati, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi, Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qo‘riqlash boshqarmasi masʼul xodimlari ishtirokida nomzodlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ota-onalarga bugungi kunda Milliy gvardiya bo‘linmalarida nomzodlarni ishga qabul qilish jarayonlari hamda tartibi to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berilib, ochiq va shaffof o‘tkaziladigan tanlov jarayonlarini bevosita ota-onalar ham kuzatib borishlari mumkinligi tushuntirildi. Shundan so‘ng sinovlarga start berildi. Yoshlardan jismoniy hamda psixologik tayyorgarlik bo‘yicha imtihonlar olinib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar saf bo‘linmalarga qabul qilindi.