O‘g‘rilikda gumon qilingan shaxslar voqea joyiga qaytib kelganda "Qo‘riqlash" bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Joriy yilning 11 fevral kuni soat 13:18 larda Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi Monitoring markaziga Chilonzor tumanida joylashgan "IT SOLUTIONS MMS" MChJga qarashli do‘kondan "tashvish" xabari kelib tushgan.
Mazkur xabar asosan, TXG xodimlari voqea joyiga yetib kelgan va noma’lum shaxslar qo‘lga olingan. Shundan so‘ng, voqea joyiga hududiy tezkor-tergov guruhi xodimlari chaqirtirilib, qo‘lga olingan shaxslar o‘rnatilgan tartibda Chilonzor tuman IIO FMBga topshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 10 fevral kuni do‘kondan noma’lum shaxslar tomonidan 15,3 mln so‘mlik tilla buyumlarini o‘g‘irlab ketilganligi yuzasidan do‘kon sotuvchilari IIBga xabar bergan va qidiruv e’lon qilingan. Oradan bir kun o‘tib, ya’ni 11 fevral kuni soat 13:18larda qidiruvdagi shaxslar yana shu do‘konga kelgan va sotuvchilar "tashvish" xabari orqali TXG xodimlariga xabar bergan.
Dastlabki surishtiruv ishlari chog‘ida huquqbuzarlar 2001 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan X.S va 2004 yilda shu viloyatda tug‘ilgan Sh. X ekanligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.