O‘QUV KURSLARIDA XIZMAT ITLARI BILAN ISHTIROK ETGAN HARBIY XIZMATCHILARGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI
Joriy yilning 22 fevralidan 13 mart kuniga qadar Milliy gvardiya tizimidagi mutaxassis kinologlar va ularga biriktirilgan xizmat itlari Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahrida joylashgan Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazi “Portlovchi moddalarni qidirib topish” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirdilar.
Mazkur o‘quv kursi sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida o‘tkazilib, unda kinolog mutaxassislarning kasb mahoratlarini yana-da oshirish va xizmat itlarini maxsus yo‘nalishlarga tayyorlash maqsadida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar yakunida harbiy xizmatchi va xodimlarning xizmat itlari bilan birga mazkur yo‘nalishdagi harakatlari, bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassis kinologlarga sertifikatlar topshirildi.
Malaka oshirish kursi davomida namuna bo‘lgan juftliklar – Samarqand viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy qism mutaxassis-kinologi, kichik serjant R.Aʼloxonov o‘ziga biriktirilgan “Nemo” laqabli xizmat iti bilan hamda Navoiy viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy qism mutaxassis-kinologi, kichik serjant Z.Nazarov o‘ziga biriktirilgan “Koni” laqabli xizmat iti bilan o‘zlarining yuqori tayyorgarligini namoyon etgan holda o‘quv kursini aʼlo baholarga yakunlaganliklari uchun sertifikat va faxriy yorliq bilan taqdirlandilar.