“Ot-ustida kurash” musobaqasi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi
Joriy yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida o‘z xizmat faoliyatini yuritayotgan harbiy chavandozlar o‘rtasida “Ot ustida kurash” milliy sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Milliy gvardiya faxriy qorovuli kavaleriya eskadroni majmuasida tashkil etilgan musobaqa avvalida, O‘zbekiston Respublikasi veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Yilqichilik va ot sporti” hamda “Uloq-ko‘pkari” federatsiya mutaxassislari ishtirokchi va masʼullar bilan davra suhbati o‘tkazdi. Unda ot sporti hamda uni yana-da rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilib, sohaga oid batafsil maʼlumotlar berildi
Shundan so‘ng, milliy madhiyamiz sadolari ostida musobaqa ochiq deb eʼlon qilinib, bellashuvlarga start berildi. Mazkur musobaqa 70-85 kg vazn toifasidagi ot sporti ustalari o‘rtasida tashkil etilgan bo‘lib, har bir jamoadan bir nafardan ishtirokchilar o‘ziga biriktirilgan xizmat otlarida 5 daqiqa davomida kurashdi.
Musobaqa davomida faxriy qorovul batalyoni harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali saf usullari, kavaleriya eskadroniga biriktirilgan xizmat otlari bilan birgalikdagi ko‘rgazmali chiqishlar hamda ijro etilgan o‘zbek milliy baxshchilik sanʼati bo‘yicha musiqiy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi.
Murosasiz va qizg‘in kechgan bellashuvlar natijalariga ko‘ra kurashda umumjamoa hisobida I - II o‘rin Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi tasarrufidagi harbiy qismlarga, III-o‘rin esa Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, ot ustida o‘tkazilgan estafeta yo‘nalishida faxrli I-o‘rinni Jamoat xavfsizligi universiteti, II-o‘rinni Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tasarrufidagi harbiy qism sportchilari qo‘lga kiritdi. IIII- o‘rin bo‘lsa Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi tasarrufidagi harbiy qism jamoasiga nasib etdi.
Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan tantanali ravishda munosib taqdirlandi.