O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida “Balandlik-ishg‘ol tayyorgarligining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tizimida balandlik-ishg‘ol tayyorgarligini zamonaviy, ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslanib takomillashtirish, shuningdek, harbiy xizmatchilarning jangovor xizmati faoliyatida maxsus vazifalarni aʼlo darajada bajarishda ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida “Balandlik-ishg‘ol tayyorgarligining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi Universiteti, IIV Qorovul qo‘shinlari, Qurolli kuchlar Akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti hamda Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasidan professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Ilmiy-amaliy konferensiya davomida tashrif buyurganlar eʼtiboriga maʼruzachilar tomonidan “Maxsus vazifalarni bajarishda ko‘p qavatli binolarda maxsus karabinlardan foydalanish va patronli gaz granatalarini qo‘llash tartibi”, “Ko‘p qavatli binolarda jinoyatchilarni qo‘lga olish vaqtida balandlik ishg‘ol guruhi qo‘llanishining ahamiyati” singari mavzularda taqdimotlar havola etildi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar tomonidan balandlik-ishg‘ol tayyorgarligini yana-da takomillashtirish, shu bilan birga harbiy xizmatchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.