G‘OLIBLARIMIZ YANA BIR BOR RAG‘BATLANTIRILDI
Joriy yil 5-7 iyun kunlari yurtimizda o‘tkazilgan qo‘l jangi sport turi bo‘yicha VI-Jahon chempionati musobaqalarida terma jamoamiz aʼzolari munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan edi.
Shu munosabat bilan, bugun O‘zbekiston Respublikasi Qo‘l jangi federatsiyasi raisi – Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev rahbarligida musobaqa g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda federatsiya raisi o‘rinbosarlari, murabbiylar, chempionat sovrindorlari hamda Milliy gvardiya markaziy devoni shaxsiy tarkibi va hududiy boshqarmalari harbiy xizmatchilari onlayn tarzda ishtirok etdi.
Federatsiya raisi o‘z nutqida so‘nggi yillarda barcha yakkakurash sport turlari qatori, qo‘l jangi sport turi ham dunyo miqyosida keng ommalashib, yoshlar o‘rtasida professional darajada shug‘ullanishga qiziqish tobora ortayotganligi – federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar natijasi ekanligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda yurtimizda ilk marotaba o‘tkazilgan Jahon chempionatining yakuniy natijalari bo‘yicha ijobiy fikrlar bildirilib, kelgusida bo‘lib o‘tadigan muhim musobaqalarda ham shu kabi marralarni zabt etish lozimligi taʼkidlandi.
Shundan so‘ng, marosimning asosiy qismida g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan barcha sport ustalari, murabbiylar, federatsiyaning hududiy tuzilmalari masʼullari I va II darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i bilan musobaqada ishonchli g‘alabaga erishgan tizimning bir qator harbiy xizmatchilariga “Alvon beret” kiyish huquqi hamda navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Hech bir narsa mamlakatni sportchalik dunyoga mashhur qila olmasligi haqiqatdir. Ayni damda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimiz dovrug‘ini keng yoyilishiga munosib hissa qo‘shgan yosh sportchilarimizni yana bir bor rag‘batlantirilishi, ularning kelgusida jahon arenalarida yana-da yuqori ko‘tarilishiga dalda bo‘lishi shubhasizdir.