Poytaxt koʻchalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy boʻlinmalarining namoyishkorona piyoda yurishlari bo‘lib o‘tdi.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan poytaxtimizning asosiy koʻchalarida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy boʻlinmalarining tantanali yurishlari oʻtkazilib, koʻplab tomoshabinlarni oʻziga jalb qildi.
Tadbir “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida boshlangan boʻlib, harbiylarning mahorat bilan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlari, saf koʻrinishlari va uygʻun harakatlari bayramga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Harbiy orkestrning joʻshqin kuylar ostida boshlangan yurish Sagʻbon va Zarqaynar koʻchalari orqali davom etdi.
“Chorsu” bozori oldi, Toshkent sirki va Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi yonidan oʻtgan harbiylar koʻplab poytaxt aholisi va mehmonlari tomonidan qizgʻin olqishlar bilan kutib olindi. Yakuniy manzil — “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi maydonida esa jangovar chiqishlar, harbiy chaqiriqlar va harbiy orkestrning difele namoyishlari tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.
Ayniqsa, yoshlar tantanali marafonni olqishlar bilan kuzatib, davlat ramzlariga boʻlgan faxr va hurmat tuygʻusini yana bir bor yuksak darajada his etdilar.
Ushbu tantanali yurish poytaxt aholisida katta taassurot uygʻotib, davlat ramzlariga boʻlgan hurmat va gʻururni yana bir bor yuksaltirdi.