Poytaxtimizda "Besh tashabbus" doirasida yoshlar bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari davom etmoqda
Uchtepa tumanida joylashgan 228-sonli maktabda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan tuman hokimiyati va birinchi sektorda joylashgan mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda "Besh tashabbus" doirasida tadbirlar tashkil etildi.
Unda maktab o‘quvchilari muddatli harbiy xizmatchilar bilan arqon tortish, shaxmat-shashka, armrestling bo‘yicha musobaqalarda bellashishdi. Shu bilan birga, askarlar tomonidan qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Maktab faollari zalida namoyish etilgan muddatli harbiy xizmatchilar ijrosidagi quvnoqlar va zukkolar madaniy ko‘ngilochar tomoshalari o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, harbiy qismda Uchtepa tumani maktab o‘quvchilari uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Unda tez tibbiy yordam, himoya vositalari singari ko‘rgazmalar, sport musobaqalari tashkil etildi. Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga foydali adabiyotlar taqdim etildi.
Tashkil etilgan tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga va armiya hayotiga tayyorlashga zamin yaratmoqda.