PORLOQ KELAJAK-OILADAN BOSHLANADI
Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati, Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi, bandlikka ko‘maklashish va tibbiy sog‘lomlashtirish markazlari hamkorligida harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda mutasaddilar tomonidan oiladagi maʼnaviy-ruhiy muhitning kelajak avlodga taʼsiri, sog‘lom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish, tinch-totuvlik va osoyishtalikni taʼminlash, sog‘lom oila qurishning boshqa omillari borasida alohida taʼkidlandi.
Maʼruzachilar birinchi navbatda farzand tarbiyasiga eʼtibor qaratish, ularni bilimli va maʼrifatli qilib voyaga yetkazish, bu borada ota-onaning majburiyatlari yuzasidan o‘zlarining tavsiyalarini berib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilar ayollarining bandligini taʼminlash maqsadida Monomarkazda bepul o‘quv kurslarida ishtirok etish hamda sertifikat qo‘lga kiritishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda navbatsiz ro‘yxatdan o‘tkazish, bolajonlarning yozgi taʼtilda maroqli dam olishlarini mazmunli tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Mutasaddi rahbarlar tomonidan muammolar tinglanib, joyida ijobiy hal etildi.
Yig‘ilish yakunida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va farzandlarini harbiy qism bilan tanishtirish maqsadida ekskursiya tashkil etildi.