TRIATLON SPORT TURI BO‘YICHA VILOYAT BIRINCHILIGI O‘TKAZILDI
Samarqand viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida sportning “Triatlon” turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqada 7 ta jamoadan tarkib topgan, jami 21 nafar ishtirokchi dastlab 300 metrga suzish, so‘ngra 8000 metrga velosiped haydash va 3000 metrga yugurish yo‘nalishi bo‘yicha kuch sinashishdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar shaxsiy tarkiblarining jismoniy tayyorgarligini oshirish, ularning kundalik turmushiga jismoniy tarbiya va sportni keng tadbiq etishni maqsad qilgan musobaqa so‘ngida shaxsiy birinchilikda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlaridan 1-o‘rinni Umaraliyev Baxriddin, 2-o‘rinni Zaysev Dmitriy va 3-o‘rinni Davronov Zafarlar qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, umumjamoa hisobida 1-o‘rin Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, 2-o‘rin viloyat Davlat Xavfsizlik Xizmati va 3-o‘rin viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi jamoalariga nasib etdi.
G‘oliblar Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik S.D.Mamayusupov va Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximovlar tomonidan taqdirlandilar.