QIZIL KITOBGA KIRITILGAN JONZOTLARNI OVLAGAN SHAXS QO‘LGA OLINDI
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ekologiya qo‘mitasi va Milliy gvardiya masʼul xodimlari hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 27 may kuni olingan xabarga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida Ekologiya qo‘mitasi, Milliy gvardiya, IIV va prokuratura xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Jasliq” MFYda yashovchi fuqarolar T.B va B.R tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan 11 bosh jayron noqonuniy tarzda ovlanganligi aniqlandi.
Ushbu shaxslar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda 11 dona jayron shohlari ham topilib ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.