Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish hamda kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlash borasida Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh joylarga chiqqan holda, barcha shahar-tumanlar hamda mahalla kesimida ishlarni jadallashtirish yuzasidan vazifalar qayta belgilab olindi
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yig‘ilishlar zalida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligidagi idoralararo ishchi guruhning aholi muammolarini hal etish va kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlashga qaratilgan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev, Vazirlar kengashi raisi F.Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi IIV o‘rinbosari general-mayor B.Abdullayev hamda idoralararo ishchi guruh tarkibidagi mutasaddi rahbarlar, shuningdek, hududlardagi masʼul idora vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni kirish so‘zi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ochib berdi va davlatimiz rahbarining topshiriqlari mazmun mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga tahliliy baho berilib, idoralararo ishchi guruh tarkibiga aʼzo masʼul vazirliklarning mutasaddi rahbarlariga sohaga oid bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud muammolarni aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalarni bajarish davomida idoralararo ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar kiritildi va ular asosida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, tizimli ishlar amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Shu bilan bir qatorda, ishchi guruh aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab aholi muammolarini hal etish va kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlashda joylarga chiqqan holda, barcha shahar-tumanlar hamda mahalla kesimida ishlarni tashkil etishiga alohida urg‘u berildi.
Shundan so‘ng, idoralararo ishchi guruh tarkibidagi mutasaddi rahbarlarning yuqoridagi topshiriqlarga oid maʼruzalari va fikr-mulohazalari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida Milliy gvardiya qo‘mondoni Idoralararo ishchi guruh tarkibiga kiritilgan barcha mutasaddilar davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni sifatli bajarishiga va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib sharoitlar yaratishda orttirgan yuqori tajribasi va imkoniyatlaridan to‘la-to‘kis foydalanishiga ishonch bildirdi.