Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Qon topshir-hayot inʼom et!» shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasida harbiy xizmatchi va xodimlar faol ishtirok etdi.
Bugungi sana munosabati bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari tomonidan «Qon topshir-hayot inʼom et!» shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu aksiyadan ko‘zlangan maqsad tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash,harbiy xizmatchilarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishi orqali insonlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, beg‘araz donorlik aksiyasida turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan bemorlarga hayot bag‘ishlash va ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli hamda savobli ishga bel bog‘lagan harbiy xizmatchi va xodimlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar.
Mazkur tadbir sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya etilgan holda, og‘ir bemor bolalarni davolashga yo‘naltirildi.
Ezgulikning yorqin namunasi bo‘lgan bu kabi tadbirlar insoniylikka xos bo‘lgan oliyjanob fazilatlardan biridir. Albatta, inson hayotini asrab qolish ko‘pincha qon quyish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, savobli amallarni o‘zida jo etgan tadbirlar zamirida ham bemorlar dardiga shifo topish, ularni sog‘lom hayotga qaytarishdek ezguliklar mujassamdir.