“Biz oilaviy o‘qiymiz” shiori ostida kutubxonaga sayohat
Respublika bolalar kutubxonasi Toshkent shahri markazidagi zamonaviy va ko‘p tarmoqli jamoat maskani hisoblanadi. Shu boisdan ham yozgi taʼtil kunlarini bolajonlar mazmunli va maroqli o‘tkazishini taʼminlash maqsadida ilk marotaba Milliy gvardiya xodimlari oila aʼzolari ishtirokida ushbu ziyo maskaniga sayohat uyushtirildi.
Ekskursiya davomida bolalar va yoshlarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarib, yana-da kamol toptirish uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar yaratilganligiga guvoh bo‘lishdi. Respublika bolalar kutubxonasida 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan yosh toifalariga asosiy eʼtibor qaratilgan bo‘lib, bu yerda, u yerda kattalar uchun bir-biridan qiziqarli turli xildagi adabiyotlarni uchratish mumkin.
Kutubxona bilan tanishish jarayonida Milliy gvardiya xodimlari asosiy eʼtiborni farzandlarining qiziqishlariga qaratishdi. Ular bilan birga farzandlariga yoqqan kitoblar bilan tanishish va mutolaa qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Xodimlar kutubxonadan unumli foydalanish maqsadida ro‘yxatdan ham o‘tishdi. Endi ular sevimli asarlarini 10 kun muddatga qadar uyiga olib borib, oila davrasida mutolaa qilishlari mumkin bo‘ladi.
Xalqimiz azaldan ilm-maʼrifatga intilgan, kitob o‘qishga qattiq muhabbat qo‘ygan. Respublika bolalar kutubxonasiga uyushtirilgan sayohatdan asosiy maqsad ham ana shu anʼanalarni farzandlarimizga yetkazish hamda xodimlar orasida kitobxonlikni yana-da oshirish, sohaga oid yangidan yangi asarlar bilan tanishishlariga xizmat qiladi.