Respublikamiz bo‘ylab Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sayyor qabullar va ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda
Harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Markaziy devonining masʼul ofitserlari tomonidan xizmat safari davomida uchrashuv va ochiq muloqotlar ham boshqa bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatida "Vatanparvarlik oiladan boshlanadi" mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvlarga harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila aʼzolari taklif qilindi. Suhbatlar davomida Milliy gvardiya markaziy devoni tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi va shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi masʼul xodimlari so‘zga chiqishib, bolalar tarbiyasi, oiladagi munosabatlar, uydagi vaziyatning harbiy xizmatchilar va xodimlarning psixologik holatiga taʼsiri va natijada xizmat vazifalarini bajarish sifati va samaradorligi masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlar ochiq muloqot muhitida bo‘lib o‘tdi.
Suhbatlar yakunida harbiy xizmatchi va xodimlarning oila aʼzolari uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Murojaatlar bo‘yicha masʼul xodimlarga ko‘rsatmalar berilib, ayrimlari shu joyning o‘zida hal etildi.
Harbiy xizmatchilar va xodimlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari doirasida Urganch shahridagi 2-oilaviy poliklinika bazasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.