Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Obod va fayzli mahalla- yurt ko‘rki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hasharida Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va ularning oila aʼzolari faol ishtirok etmoqda
Bugun mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, muborak Ramazon oyini qarshi olishga tayyorgarlik ko‘rish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Obod va fayzli mahalla- yurt ko‘rki” shiori ostida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Uy-joylar, ko‘chayu hovlilarni ozoda, saranjom holatda saqlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi.
Uyushqoqlik bilan boshlangan mazkur hasharda yoshu qari ishtirok etib, ular tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Hashar davomida mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, moʻtabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltirildi. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolari tomonidan yana-da faol olib borildi.
Yurtimizda jadal surʼatda olib borilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ham barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul ko‘chatlari, manzarali va mevali daraxtlar ekish, oqlash va butash ishlari amalga oshirildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joylarini tartibga keltirish va tozalashga alohida eʼtibor qaratildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Obod va fayzli mahalla- yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida yurtdoshlarimiz ahil, hamjihatlikda ishtirok etib, vatanimiz obodligi yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shdilar.