Respublika bosqichida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz” mavzusidagi ingliz tili viktorinasining g‘oliblari aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi, harbiy qism va taʼlim muassasalari terma jamoalari o‘rtasida anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz” mavzusidagi ingliz tili viktorinasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchilari hayʼatlik qilgan mazkur viktorinada O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona hamda Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan jamoalar bilan bir qatorda Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi va Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseylarining yosh va iqtidorli o‘quvchilaridan tashkil topgan jami 10 ta jamoa g‘alaba uchun kurash olib bordi.
Jamoalarning ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari 3 ta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Jumladan, birinchi “Tanishtiruv” shartida har bir ishtirokchi jamoalar o‘zlari haqida maʼlumotlar berishdi.
Viktorinaning ikkinchi “Savol-javob” shartida esa jamoalar O‘zbekiston tarixi, Davlat va huquq asoslari,O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston madaniyati bo‘yicha berilgan savollarga ingliz tilida javob berdilar.
Bellashuvning uchinchi sharti “Sardorlar bellashuvi” bo‘ldi. Unda jamoalar sardorlari hakamlar hayʼati stoli oldiga kelib yozilgan variantlardan birini tanlagan holda unda ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi moddalarini ingliz tilida to‘g‘ri va to‘liq tushuntirib berdilar. Shundan so‘ng jamoa sardorlari qurʼa tashlash natijasiga ko‘ra belgilangan ketma-ketlikda O‘zbekiston madaniyati bo‘yicha berilgan mavzularni ingliz tilida og‘zaki so‘zlab berdilar.
Aynan ishtirokchilardagi yuqori saviya va shartlarga puxta tayyorgarlik hakamlar uchun mutloq g‘olib jamoani aniqlashda qiyinchilik tug‘dirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra esa, viktorina shohsupasining uchinchi pog‘onasini “Qalqon” maxsus batalyonining “Renesans” jamoasi, ikkinchi pog‘onasini esa Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining yosh va iqtidorli o‘quvchilaridan tashkil topgan “Young Temurids” jamoasi jamoasi egalladi. Musobaqa g‘olibi deb O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “The Invincibles” jamoasi topildi.
Viktorina natijalari eʼlon qilingach faxrli o‘rin sohiblari va musobaqa g‘oliblariga kubok va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.