Respublikamiz bo‘ylab pirotexnika vositalari savdosiga qarshi hamkorlikdagi profilaktik tadbirlar davom etmoqda
Joriy yilning 25 noyabr kuni Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan “Chorsu” bozorida sertifikatsiz pirotexnika vositalarini sotayotgan samarqandlik 18 yoshli fuqaro M. R. qo‘lga olindi. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida uning yonidan 40 dona “Friction” giyohvandlik moddasi topilib, musodara qilindi. Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari Shayxontohur tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilmoqda.
***
BUXORO VILOYATI.
Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Davlat bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar davomida fuqaro O.S. noqonuniy pirotexnika mahsulotlarini sotayotganligi aniqlandi.
Shofirkon tumanida yashovchi yana bir fuqaro R.S. 340 dona “Treniya” va 60 quti “Britanik” nomli pirotexnika vositalarini 4 million 800 ming so‘mga sotishni rejalashtirgan. Ammo rejalari amalga oshmadi: fuqaro R.S. Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari va viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Huquqbuzarning so‘zlariga ko‘ra, u pirotexnika vositalarini o‘tgan yilning dekabr oyida poytaxtdagi “Qo‘yliq” dehqon bozoridan sotib olgan.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Buxoro shahrida yana bir fuqaro R.N.jami 4800 dona pirotexnika mahsuloti bo‘lgan 8 dona blokni sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
21 noyabr kuni Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy pirotexnika vositalarining yana bir sotuvchisi aniqlandi. Buxoro shahrida yashovchi fuqaro “Buyuk ipak yo‘li” banki yonida pirotexnika savdosi bilan shug‘ullanayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda huquqbuzarning yonida bo‘lgan paket ichidan 40 dona “Treniya” va “Britanik”nomli pirotexnika vositalari topildi.
***
SAMARQAND VILOYATI.
24 noyabr kuni Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar organlari, Bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma reyd davomida Samarqand viloyatida fuqaro R.B. umumiy qiymati 1 million 600 ming so‘mga 6 ming dona “Treniya” nomli pirotexnika mphsulotlarini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Yuqoridagi har bir maʼlumot bo‘yicha huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shuni eslatib o‘tamizki, pirotexnika mahsulotlari bilan noqonuniy savdo qilish O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-1-moddasi bo‘yicha ashyolar musodara qilinib, besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 250-1-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.