Samarqand shahrida xavfsiz muhitni yaratish va jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash boʻyicha manzilli ishlar amalga oshirildi
Davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni barpo etish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan namunaviy amaliyotni joriy etish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosi Samarqand viloyatida ham davom ettirilib Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov tomonidan manzilli ishlar olib borildi.
Mazkur vazifalarning yuqori darajada bajarilishi yuzasidan Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi shaxsiy tarkibning tayyorgarligi va jangovar shayligi, shuningdek, zamonaviy qurol-aslaha hamda maxsus vositalardan foydalanish koʻnikmalari koʻzdan kechirildi.
Xavfsizlikni ishonchli taʼminlash borasida komandir va boshliqlarning axborotlari tinglanib, bu borada olib borilayotgan oʻquv-taktik mashgʻulotlarni sunʼiy intellekt va robotlashtirish elementlari asosida tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning doimiy jangovar shayligini taʼminlash, xavf-xatarlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish, shuningdek, ilgʻor jahon tajribalarini amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Oʻrganish ishlari davomida Milliy gvardiya qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatov va Ichki ishlar vaziri general-leytenant A.Tashpulatov hamda ishchi guruh aʼzolari hamkorligida Imom al-Buxoriy majmuasida xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan masalalar atroflicha oʻrganildi. Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur majmuaga kelishi kutilayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, ular uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi, Xususan, sayyohlar oqimi ortib borishi inobatga olinib avtoturargohlar sigʻimini kengaytirish, transport harakatini tartibga solish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirish borasida masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, ushbu hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yangidan qurilib bitkazilgan Payariq tumani 2-sonli ichki ishlar boʻlinmasida oʻrganish ishlari olib borildi. Unda xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha hamkorlikdagi uzluksiz xizmatni tashkil etish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berildi. Imom Abu Mansur al-Moturudiy majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari ham koʻzdan kechirilib, ushbu hududda ham xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Koʻhna va boqiy Samarqandda turizm sohasining yanada rivojlanishi hududda xavfsiz muhitni ishonchli taʼminlash, mazkur yoʻnalishda esa huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorlikdagi xizmatlarini zamon talablariga mos takomillashtirib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek aholi bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Samarqand shahri hamda tumanlarida jinoyatchilik xavfi yuqori boʻlgan mahallalarda olib borilayotgan ishlar, jumladan, patrullik xizmati faoliyati, videokuzatuv tizimlarining samaradorligi va raqamli texnologiyalarni joriy etish holati bilan yaqindan tanishildi. Hududlarda oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining situatsion markazlari bilan integratsiya qilingani hamda 24 soatlik xizmat tashkil etilgani boʻyicha mutasaddilarning axborotlari tinglandi.
Jamoat tartibini saqlashda zamonaviy yondashuvlarni qoʻllash, xususan, patrullik faoliyatida dronlar va intellektual tahlil tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilinib, bu borada masʼul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi.