SHAXMAT SPORT TURI BO‘YICHA MILLIY GVARDIYA BIRINCHILIGI
Oldin xabar berganimizdek, Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy boshqarmalari harbiy xizmatchi va xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazilgan edi.
Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi shaxmat federatsiyasi bazasida barcha hududlardan yuqori natijalarga erishgan 20 nafar harbiy xizmatchilar ishtirokida musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Tadbir karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazildi.
“Aql gimnastika”si hisoblanmish shaxmat musobaqasida harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasidagi bellashuvlar qizg‘in tarzda kechdi.
Yaxshi bilamizki, shaxmat musobaqasi aqliy salohiyatni rivojlantirish va uni charxlashda yaxshi omil bo‘ladi. Bahs va munozaralarga boy bo‘lgan musobaqa davomida ishtirokchilar o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdilar. Shveysarcha uslubda 7 turdan iborat bo‘lgan musobaqada g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Barchaga birdek aʼlo kayfiyat bag‘ishlagan musobaqa yakunida g‘oliblar munosib taqdirlandi.