Sirdaryo viloyatida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan elektronika do‘koniga bostirib kirgan nomaʼlum shaxs qo‘lga olindi.
Joriy yilning 8 iyun kuni soat 02:22da Sirdaryo viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi monitoring markaziga “Elektronik inform trend” MCHJga qarashli savdo do‘konidan “tashvish” xabari kelib tushgan.
Mazkur xabarga ko‘ra, xodimlar voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganda do‘konda kirish eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib kirgan nomaʼlum shaxs borligi maʼlum bo‘lgan.
Tezkor harakatlar natijasida gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruv ishlarida nomaʼlum shaxs muqaddam sudlangan Guliston shahrida yashovchi 29 yoshli fuqaro A.B ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilmoqda.