SOG‘LOM OILA – SOG‘LOM JAMIYAT
Respublikamiz bo‘ylab viloyat va tumanlarda joylashgan Sog‘liqni saqlash tibbiyot birlashmalari hamda Milliy gvardiya bo‘linmalari hamkorligida harbiy xizmatchi va xodimlarning oila aʼzolari uchun “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ishlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 11-12 may kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Milliy gvardiya harbiy qismda shahar tibbiyot birlashmasi Ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinika mutaxassis shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Bunda pediatr, terapevt, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog kabi shifokorlar ko‘rigi, shuningdek UTT va EKG tekshiruvlari ham o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijalari bilan aniqlangan birlamchi kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun shifokorlar tomonidan kerakli va zarur bo‘lgan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, asosiy eʼtibor harbiylarning turmush o‘rtoqlari va farzandlariga qaratilgani bois, ularning tibbiy madaniyatini yana-da oshirish maqsadida yakka tartibda profilaktik suhbatlar olib borilib, doimiy ravishda murojaat qilishlari hamda shifokorlar bilan muloqotda bo‘lishlari uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida Milliy gvardiya mutasaddi rahbarlari tomonidan tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildirilib, kelgusidagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.