Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan XVIII Xalqaro futbol turniri g‘olibiga aylangan Mehribonlik uyi yosh sportchilari bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Oldin xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi XVIII Xalqaro futbol turniri mutlaq g‘olibi bo‘lgan, Toshkent shahridagi 21,22-sonli hamda Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan iborat “O‘zbekiston” terma jamoasi yosh sportchilari va murabbiylarini qutlash uchun Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev uchrashdi.
Milliy gvardiya markaziy devoni va poytaxtimizdagi Mehribonlik uyi mutasaddi rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur tantanali tadbirda, Milliy gvardiya qo‘mondoni yosh sportchilarimizning har biri bilan ochiq muloqotda bo‘lib, ularning xalqaro turnirdagi ilk g‘alabasiga yuqori baho berdi.
Shundan so‘ng yosh sportchilarimiz, Azamov Javohir(Chirchiq shahar 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi) , Begmatov Shohrux, Fok Sarvarbek, Kononenko Aleksandr(Toshkent shahar 21-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari), Dmitrev Arslan, Pardayev Kamronbek, Kleventov Rim, Xoldorov Muhammadsodiq, Danayev Diyor (22 sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari) hamda murabbiylar Mannopov Abdulaziz va Timur Masharipovlarni taqdirlash uchun Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i o‘qib eshittirilib, ularning har biri munosib rag‘batlantirildi.
Uchrashuv yakunida qo‘mondonlik tomonidan, yosh sportchilarimizga o‘qib bilim olishlari, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari va kelgusi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlanib, mamlakatimiz futbolini yangi bosqichga olib chiqishlariga va Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarilishida munosib hissalarini qo‘shishlariga katta ishonch bildirildi.