Buxoroda Milliy gvardiyaning marhum xodimi "Jasorat" medaliga munosib koʻrildi
Ona Vatan, uning har farzandining tinchligi yoʻlida qalb va vijdon amri bilan qilingan saʼy-harakat eʼtibor va ragʻbatsiz qolmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida"gi farmoniga koʻra, davlat mukofotiga sazovor boʻlgan hamyurtlarimiz orasida Milliy gvardiyaning Buxoro viloyati qoʻriqlash boshqarmasi safdor-xodimi, «Jasorat» medaliga loyiq topilgan marhum Hamdamov Alisher Oʻktamovich ham bor.
Bugun, Peshkoʻ tuman hokimi, Qoʻriqlash bosh boshqarmasi rahbariyati, viloyat Milliy gvardiya rahbariyati, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari rahmatli xodim unib-oʻsgan xonadonga borib, «Jasorat» medalini Hamdamov Alisherning ota-onasiga topshirdilar. Shunday mard va oʻktam oʻgʻlon bilan har qancha faxrlanish munosib ekani qayd etildi. Bundan buyon ham marhumning oilasi doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼkidlandi.
— Vataniga xizmat qilishni vijdoniy burchi deb biladigan bolajonim huquqni muhofaza qiluvchi organlarda qariyb 18 yildan buyon xizmat burchini bajarib keladi. Oʻz vazifasini bajarish chogʻida jonini mardlarcha qurbon qilgan dilbandimni safdoshlari va mahalladoshlar koʻngli ochiq, saxovatli yigit ekanligini xotirlashadi. Men esa shunday umrini jasorat va matonat bezagan farzandning onasi ekanligimdan har doim gʻururlanaman, - deydi marhum xodimning onasi Sobira aya.
Marosim soʻngida marhum haqqiga Qurʼon tilovat qilinib, yaqinlariga hamdardlik bildirildi.