SPORT – TINCHLIK VA DO‘STLIK ELCHISI
Harbiy xizmatchi va xodimlarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish, ularning oila aʼzolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish maqsadida ko‘plab sport musobaqalari tashkil qilinmoqda.
Xususan, “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tashabbusi bilan joriy yilning 18 may kuni Buxoro shahridagi “Buxoro” sport majmuasida viloyat “Dinamo” JTSJ jamoalari o‘rtasida “Sport bayrami” musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB, DXX hamda Bojxona boshqarmalarining harbiy xizmatchi va xodimlari arqon tortish, 4x100 m estafeta va 1000 m ga yugurish, armrestling, tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.
Taʼkidlash joizki, ushbu musobaqada har doimgidan noanʼanaviy tarzda, harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlari ham o‘zaro bellashdilar.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rin IIB jamoasi, 2-o‘rin Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi jamoasi, 3-o‘rin esa IIV tasarrufidagi harbiy qism jamoalariga nasib etdi.
O‘tkazilgan mazkur sport musobaqasi nafaqat ishtirokchilarning sog‘lig‘ini yana-da yaxshilashga, balki ularning ko‘tarinki kayfiyatiga sabab bo‘ldi.